Jurnal haqida
“Irrigatsiya va Melioratsiya” ilmiy-texnik jurnalini Suv resurslarini hisobga olish, oqilona boshqarish, ularni iqtisod qilish va samarali foydalanish masalalari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi kengashining 2014 yil 24 iyuldagi 104-sonli majlis bayoni bilan Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida chop etishga ruxsat berilgan.
Jurnal O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi tomonidan 2015 yil 4 martda ro‘yxatdan o‘tkazilgan (guvohnoma №0845).
Jurnal muassisi: O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi, Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti.
Xalqaro standart seriya raqami - ISSN 2181-8584
“Irrigatsiya va Melioratsiya” ilmiy-texnik jurnali bir yilda 4 marta har chorak yakunlari bilan chop etiladi va obunachilarga tarqatiladi.
Jurnalning maqsad va vazifalari: suv xo‘jaligi sohasida oliy ta’lim muassasalari, ilmiy tadqiqot institutlari, ilmiy-ishlab chiqarish markazlari, loyiha korxonalari va suv xo‘jaligi tashkilotlarida suv resurslarini samarali boshqarish va ulardan oqilona foydalanish, suvni iqtisod qiluvchi ilg‘or texnika va texnologiyalarni joriy qilish, sug‘oriladigan erlarning meliorativ holatini yanada yaxshilash, qishloq va suv xo‘jaligini mexanizatsiyalash, elektrlashtirish va avtomatlashtirish, har bir hududning o‘ziga xos shart-sharoitlarini hisobga olgan holda qishloq xo‘jaligi ekinlarini oqilona joylashtirish va etishtirish, shuningdek suv iste’molchilari uyushmalari va fermer xo‘jaliklarini yanada rivojlantirish borasidagi ilmiy-tadqiqot, loyiha-konstruktorlik ishlari, ilg‘or tajribalarning natijalari, fan va texnika yangiliklari, qishloq va suv xo‘jaligida iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirishga oid O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmon va qarorlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va ularning ijrosi sharhlovchi ilmiy-amaliy, tahliliy-tavsiyaviy yo‘nalishdagi maqolalarni o‘z sahifalarida yoritadi.
Respublika suv xo‘jaligi sohasidagi mavjud muammolarni echimini keng ommaga targ‘ib etadi, irrigatsiya, melioratsiya va mexanizatsiya mutaxassislarining intelektual salohiyatini oshiradi, Suv iste’molchilari uyushmalari, fermer xo‘jaliklari rahbar xodimlariga iqtisodiy-huquqiy, ilmiy tavsiya yo‘nalishidagi maslahatlarni beradi.
“Irrigatsiya va Melioratsiya” ilmiy-texnik jurnalida yoritiluvchi tematikalar:
- Irrigatsiya va melioratsiya;
- Gidrotexnika inshootlari va nasos stansiyalari;
- Irrigatsiya va melioratsiya ishlarini mexanizatsiyalash;
- Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash;
- Qishloq va suv xo‘jaligini elektrlashtirish va avtomatlashtirish;
- Suv xo‘jaligi iqtisodi va er resurslaridan foydalanish;
- Suv xo‘jaligi sohasi uchun kadrlar tayyorlash;
- Irrigatsiya va melioratsiya sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar.
“Irrigatsiya va Melioratsiya” ilmiy-texnik jurnali O‘zbekiston Respublikasi Oliy attestatsiya komissiyasi Prezidiumining 2015 yil 22 dekabrdagi №219/5 sonli qarori bilan 05.00.00-Texnika fanlari, 06.00.00-Qishloq xo‘jaligi fanlari, 08.00.00-Iqtisodiyot fanlari bo‘yicha dissertatsiya natijalarini chop etish tavsiya etilgan ilmiy nashrlar ro‘yxatiga kiritilgan.